Kubok yana “Paxtakor”da yoxud Temur Jo’raevning yangi qahramonligi
{mosimage}O’zbekiston kubogi musobaqalari xuddi milliy chempionati singari 1992 yildan buyon o’tkazib kelinmoqda. Faqat, 1999-2000 yillarda musobaqa ikki yilda bir marotaba o’tkazilgan. Dastlabki yil billur sovrin Namanganning “Navbahor” jamoasi a’zolariga nasib etgan edi. Ular finalda Qo’qonning “Temiryo’lchi” klubini mag’lub etishgan. Oradan bir yil o’tib namanganliklar yana finalga chiqishadi. Ammo bu safar ular “Paxtakor” tomonidan tor-mor (3:0 hisobi shunday deyishga asos bo’lmoqda) etiladi.
“Paxtakor” – “Quruvchi” – 0:0 (q.v. 0:0, 0:0. Pen. 7:6). “MHSK” stadioni. 8000 tomoshabin.
Hakamlar: N.Lutfulin, A.Rasulov, A.Mironov, M.Ismoilov.
PAXTAKOR – I.Nesterov (T.Jo’raev 117),I.Suyunov, A.Ismoilov, A.Aliqulov, I.Inomov, R.Bayramov (I.Magdeev 79), S.Jeparov, O.Ahmedov (K.Tojiev 113), A.Soliev (T.Kopadze 111), Ixeroume Uche, A.Geynrix (Z.Tojiev 96).
QURUVCHI – P.Bugalo (O.Belyakov 119),B.Ashurmatov, G.Gochquliev, A.Toirov (T.Yafarov 109), S.Lushan, R.G’ofurov, A.Xvostunov, J.Hasanov (Yo.Nazarov 100), I.Mo’minjonov (SH.Salomov 9), V.Karpenko, A.Haydarov.
Ogohlantirish: I.Inomov (15), A.Ismoilov (62), I.Magdeev (84), Z.Tojiev (108) – A.Haydarov (45), G.Gochquliev (59), B.Ashurmatov (vaqtini bilolmadim).
Chetlatish: Ixeroume Uche (24) – A.Haydarov (53).
Penaltini amalga oshirganlar: A.Xvostunov (1:0), S.Jeparov (1:1), V.Karpenko (2:1), I.Inomov (2:2), Yo.Nazarov (3:2), T.Kopadze (3:3), S.Lushan (4:3), Z.Tojiev (4:4), G.Gochquliev (5:4), A.Aliqulov (5:5), SH.Salomov (6:5), I.Magdeev (6:6), R.G’ofurov (6:6, darv.), T.Jo’raev (6:7).
Nazoratchi – V.Shtern.
QISQACHA TARIXGA NAZAR
Shunday bo’lsa-da aynan “Navbahor”chilar mamlakat kubogi musobaqalarida uch marta g’alaba qozongan dastlabki jamoa sifatida tarixga kirishdi va kubokni o’zlarida abadiy saqlab qoladigan bo’lishdi. 1998 yilgi musobaqa finalida ular Farg’onaning “Neftchi” klubi ustidan 2:0 hisobida g’alaba qozonishgan. “Paxtakor” jamoasiga bu natijani takrorlash uchun yana uch yil talab etildi. 2001 yilgi musobaqalar finalida poytaxt jamoasi azaliy raqibi “Neftchi”ga qarshi bahs olib borgan va 2:1 hisobida g’alaba qozongandi. Shundan buyon kubok bahslarida “Paxtakor”ni to’xtatib qoladigan jamoa topilmayapti. Bu yilgi final ular uchun qatorasiga yettinchisi bo’ldi va bunday natijaga boshqa hech bir jamoa erisholmagan. Umuman, O’zbekiston kubogi musobaqalarida atigi to’rtta jamoa bosh sovrinni qo’lga kiritgan. “Paxtakor”da bu yilgi natijani qo’shib hisoblamaganda sakkizta sovrin bor edi. Shuningdek “Navbahor” uch bora (1992, 1995 va 1998 yillarda) mamlakat kubogiga ega chiqqan bo’lsa, “Neftchi”da bu ko’rsatkich ikkitani (1994 va 1996 yillar) tashkil etadi. “Do’stlik” esa 1999-2000 yillarda o’tkazilgan musobaqaning g’olibiga aylangandi. Hisob bo’yicha 15-bor o’tkazilgan turnirning hal qiluvchi bahsida Toshkent shahrining bir yo’la ikki vakili kuch sinashadigan bo’ldi, ya’ni “derbi” kuzatildi. Bungacha ishqibozlar 2004 yilgi musobaqada ham poytaxt derbisining guvohi bo’lishgan va unda “Paxtakor”chilar mavsum kashfiyotiga aylangan “Traktor” ustidan 3:2 hisobida zafar quchishgan. Ammo bu safargi derbiga qiziqish kuchli edi.
IMOMOV YOLG’IZ EMAS
Shu kungacha O’zbekiston kubogining hal qiluvchi o’yinlarini boshqarish baxti sakkiz nafar hakamga nasib etgan. Ulardan Gali Imomov to’rt marta final o’yinlarida bosh hakamlik qilgan bo’lsa, buxorolik taniqli hakam Noil Lutfulinda bu ko’rsatkich uchtani tashkil etardi. Shuningdek, Rustam Saidovga ikki marta finalda bosh hakamlik qilish ishonib topshirilgan bo’lsa, Dilshod Osimov, Rashid Aytekov, Sardor Najafaliev, Dmitriy Roman va G’ayrat Karimovlar esa bunday baxtga bir martadan erishgan. 2007 yilgi mamlakat kubogining final uchrashuvini boshqarish vakolati yana tajribali Noil Lutfulinga ishonib topshirildi. Shu tariqa bu hakamimiz final o’yinlarini boshqarish bo’yicha hozirda nazoratchi hakam sifatida faoliyat ko’rsatayotgan Gali Imomovning rekordini takrorlashga erishdi.
LOY JANGIGA MARHAMAT
Tarixda ko’p bora “Loy jangi” kuzatilgan. Ular orasida eng mashhurlaridan biri 1365 yilda Toshkent yaqinida sodir bo’lgandi. Oradan yillar o’tib shahri azim Toshkentga ham “Loy jangi”ning shohidi bo’lish nasib etdi. Faqat bu safargi jang ikki futbol klubi, qaysiki hozirda mamlakatimizning eng kuchli jamoalari sanalgan “Paxtakor” va “Quruvchi” klublari o’rtasida sodir bo’ldi. ertalabdan yoqqan tinimsiz yomg’ir shundoq ham og’ir ahvolda bo’lgan maydonni yaroqsiz holatga keltirib qo’ydi. O’FF mamlakat kubogi final uchrashuvini yuqori saviyada tashkil etish uchun ancha harakat qildi. Bir muddat “MHSK” stadionidan uy stadioni sifatida foydalanib kelayotgan “Quruvchi” va “Paxtakor” jamoalariga o’z raqiblarini boshqa stadionda qabul qilish majburiyati yuklandi. Natijada “Quruvchi” jamoasi 28-turdan o’rin olgan “Metallurg”ga qarshi o’yinni Bekobod shahriga ko’chirishga majbur bo’ldi. 29-tur doirasidagi “Traktor” – “Paxtakor” o’yini “MHSK” stadionidan “Traktor” stadioniga ko’chirildi. 30-turda “Paxtakor” va “Metal-lurg” jamoalari uchrashuvi Qibray stadionida o’tkazildi. Faqat “Quruvchi” chempionatning so’nggi tur uchrashuvini ushbu stadionda o’tkazishga ruxsat oldi. Xullas, O’FF bu vaqt oralig’ida “MHSK” stadioni maydonini yaxshilash borasida bir talay ishlarni amalga oshirdi. Maqsad – mamlakat kubogining final uchrashuvini yuqori saviyada tashkil qilish, muxlislarga haqiqiy futbol spektaklini taqdim etishdan iborat edi. Biroq, kun bo’yi maydalab yoqqan yomg’ir barcha urinishlarni chippakka chiqardi. Hali o’yin boshlanmasdan “MHSK” stadionining maydoni suv bilan to’lib bo’lgandi. Shunga qaramay stadionga ancha ko’p muxlis tushdi va uchrashuv davomida o’z suyuklilarini qo’llab turishdi. Keyinchalik ma’lum bo’ldiki, ular futbol ko’rish uchun emas, aksincha, loy jangiga shohid bo’lish uchun stadionga tushishgan ekan.
MO’MINJONOVGA NIMA BO’LGANDI?
O’FF ishqibozlarga quvonch ulashish maqsadiga stadionga bir qator san’atkorlarni taklif qilgandi va ular o’yin boshlanguncha, qolaversa tanaffusda o’z chiqishlari bilan yig’ilganlarni xushnud etishdi. Nihoyat uzoq kutilgan uchrashuv ham boshlandi. Sakkizinchi bor mamlakat chempionligini qo’lga kiritgan “Paxtakor”chilar ilk daqiqalardan hujumga tashlanishdi va ularning dastlabki hujumi ancha havfli ko’rinish oldi. Inomov to’pni ajoyib tarzda jarima maydoniga yetkazdi va unga Uche boshi bilan zarba berdi. Faqat yosh hujumchi mo’ljaldan biroz adashgandi. 8-daqiqada endi “Quruvchi” jamoasi a’zolari hujum tashkil etishdi.Hasanov o’z qanoti bo’ylab jamoasining hujumini boshladi va to’pni jarima maydoni ichida turgan sherigi Mo’minjonov tomon oshirdi. Lekin to’p Ilxomgacha yetib kelmadi. Aksincha, uni maydon tashqarisiga chiqarib yuborgan Suyunov to’p bilan birga raqibining oyog’iga ham shikast yetkazgan shekilli, 16-chempionat to’purari o’yinni davom ettirolmasligini ma’lum qildi. Natijada Mirjalol Qosimov dastlabki majburiy o’zgarishni amalga oshirishga majbur bo’ldi. Mo’minjonovga nima bo’lgani noma’lum, ammo uni maydondan tez yordam mashinasida olib ketishdi.
EH, UCHE, UCHE...
Asta-sekin tashabbusni o’z qo’liga olgan “Paxtakor”chilarning hujumlari ancha havfli tus ola boshladi. Ayniqsa, ularning uzoq masofalardan yo’llagan zarbalari Bugalo va uning jamoadoshlari uchun yetarlicha muammo tug’dirdi. Maydonning sirpanchiq ekanligi, qolaversa, to’pni qo’lda ushlab olishning qiyinligini yaxshi bilgan Ravshan Haydarov shogirdlari uzoq masofadan darvoza tomon zarba berishga tushib ketishdi. Bir qarashda o’yin tizgini “Paxtakor” jamoasi qo’liga o’tgandek edi guyo. Biroq, jamoaning nigeriyalik hujumchisi Ixeroume Uche o’z ehtiroslarini jilovlay bilmadi va jamoadoshlarini mushkul ahvolga solib qo’ydi. Uchrashuvning 24-daqiqasida u raqib himoyasiga nisbatan qo’pol o’ynadi. Hakam esa “Paxtakor” darvozasi tomon jarima to’pi belgiladi. Xolbuki, biroz oldinroq raqib himoyachisi Uchega nisbatan qo’pol o’ynagan edi. Ammo hakam to’p “Paxtakor” jamoasida qolgani bois o’yinni to’xtatmadi. Bu qarordan norozi bo’lgan futbolchi hakamga o’zining e’tirozini bildirdi va oqibatda uchrashuvni jamoadoshlaridan ancha barvaqt yakunlashga majbur bo’ldi.
BALLI NЕSTЕROV
Son jihatidan ustunlikka erishgan “Quruvchi” jamoasi asta-sekin o’yin tizginini o’z qo’liga ola boshladi. Lekin o’yinni kuzata turib, “Paxtakor”ni maydonda bir kishi kamchilik bo’lib harakat qilayotganiga ishongingiz kelmasdi. Chunki, Haydarov shogirdlari maydonning har bir qarichi uchun raqiblari bilan kurashdi. Bunda ularga maydonning sirpanchiq ekani ham qo’l keldi deyish mumkin. Chunki, bunday holatda qaysi jamoa tajribali bo’lsa, o’sha tomon tashabbusga erishadi. Tabiiyki, bu borada ustunlik “Paxtakor”chi-larda edi. Shunga qaramay birinchi bo’lim oxirlarida “Quruvchi” jamoasi tomonidan tashkil etilayotgan hujumlar ancha havfli tus oldi. Avvaliga Hasanovning uzoqdan yo’llangan kuchli zarbasini Nesterov qiyinchilik bilan bartaraf etishga muvaffaq bo’ldi. Bu vaziyatda uning o’rnida boshqa darvozabon bo’lganida ehtimol to’pni qaytarishga ojizlik qilardi. Ammo Nesterov bejizga ayni paytda milliy terma jamoamizning birinchi raqamli darvozaboni deb e’tirof etilmayotganini isbotladi. Birozdan keyin tajribali Rashid G’ofurov jarima maydoni ichida ikki himoyachini mohirlik bilan aldab o’tdi va darvozaning uzoq yuqori burchagi tomon zarba berdi. Faqat u mo’ljaldan biroz adashgandi. 44-daqiqada Hasanov tomonidan jarima maydoniga oshirilgan to’p havoda yo’nalishini o’zgartirdi va to’g’ri darvoza to’siniga borib tegdi. Lekin Ignatiy vaziyatni to’g’ri baholab, to’pni qaytarishga shay turgandi.
MUVOZANAT BUZILMASIN
Uchrashuvning 2-taymini “Quruvchi” a’zolari ko’tarinki ruhda boshlashdi. Ular tezkorlik bilan to’p kiritib, g’alabaga erishishni maqsad qilishgani harakatlaridan ko’rinib turardi. Lekin oradan ko’p o’tmay “Quruvchi” jamoasining tayanch yarim himoyachisi Azizbek Haydarov Geynrixga nisbatan ishlatgan qo’polligi uchun bosh hakam tomonidan ogohlantirildi. Bungacha u bir marta ogohlantirilgan edi va tabiiyki ikkinchi sariq kartochka A.Haydarov uchun uchrashuv tugaganini anglatardi. Shu tariqa Noil Lutfulin muvozanatni tiklab qo’ydi. Bu esa “Paxtakor” jamoasi a’zolariga qo’l keldi va ular endi hujumkorlikni ko’chaytirishdi. “Quruvchi” jamoasi esa qarshi hujumga jiddiy e’tibor qaratdi. Chunki jamoa tarkibida G’ofurov va Hasanov singari tezkor yarim himoyachilarning borligi ularga shunday harakat qilish imkonini berardi. 2-bo’limdagi eng havfli vaziyat aynan “Quruvchi” futbolchilari tomonidan sodir etildi. Salomovning chamasi 22-23 metrlardan uzoq burchak tomon yo’naltirilgan zarbasini Nesterov qiyinchilik bilan bartaraf qildi. Qolgan daqiqalarda jamoalar guyo durangga rozidek harakat qilishdi va o’yinni penaltilar seriyasigacha olib borishdi.
JO’RAЕV YANA BOSH ROLDA
Uchrashuvga hakam tomonidan qo’shib berilgan daqiqalar ham yakuniga yetay deb qolgach, ko’pchilikning yodiga shu yilning boshida Moskvada o’tkazilgan MDH chempionlari kubogi tusha boshladi. Boisi, o’shanda “Paxtakor” finalda Latviya chempioni “Ventspils” bilan durangga imzo chekkan va penaltilar seriyasida zahiradan maydonga tushgan T.Jo’raevning mahorati chempionimizga g’alaba keltirgandi. Bu safar ham o’yinning so’nggi daqiqalariga kelib “Paxtakor” murabbiylari yana Nesterovni Temur Jo’raev bilan almashtirishga qaror qilishdi. Garchi bu Ignatiyning noroziliga sabab bo’lsa-da. Keyinchalik ma’lum bo’ldiki, Ravshan Haydarov va K° adashmagan ekan. Aynan Jo’raev tajribali Rashid G’ofurovning zarbasini qaytarishga muvaffaq bo’ldi va o’yinga so’nggi no’qtani ham o’zi qo’ydi. Natijada “Paxtakor” to’qqizinchi bor mamlakat kubogi sohibiga aylandi.
Otabek Eshmamatov



