Ravshan Haydarov: Braziliyaliklarning kelishi cho'zilmoqda
{mosimage}Juda ko`plab muxlislar mavsum oralig'ida birinchi navbatda chempion jamoaning taraddudi bilan ko`proq qiziqishi bor gap. qatorasiga oltinchi yildirki, «Paxtakor» yangi mavsumga Sharjada hozirlik ko`rmoqda. Va har doimgidek, go`zal ko`rinishga ega «Grin Xaus Resorts» mehmonxonasi jamoaning vaqtinchali qarorgohiga aylangan.
Yakshanba kuni mehmonxonaga sim qoqdik. qabulxonadan bizga 113-xonani ulab berishlarini so`radik. Yig'in tugaguncha aynan shu xona «paxtakor»chilar bosh murabbiyi Ravshan Haydarovga tegishli bo`ladi. Salom-alikdan so`ng Ravshan Akmalovichga savollarimizni bera boshladik.
- Dastlab, mashg'ulotlar jarayoni qay ko`rinishda olib borilayotgani haqida gapirib bersangiz.
- Xudoga shukr, hammasi ko`ngildagidek ketmoqda. Mashg'ulotlarimiz hozir avjiga chiqqan payt. Yig'inning boshlang'ich qismida asosiy e'tiborni jismoniy tayyorgarlikka qaratdik. Bu ёg'iga o`yin faoliyatiga zo`r beramiz. Kuniga ikki mahaldan yig'in o`tkazilyapti. Jamoa juda ham yaxshi sharoitlarda shug'ullanmoqda. Ayniqsa, maydonlar holatidan ko`nglim to`q.
- Jamoa Amirliklarga jo`nab ketishidan oldingi mashg'ulotda Magdeyev, Bayramovlar turli jarohatlari borligi uchun qatnashmagan edilar. Sharjada bunday muammodan xalosmisiz yoki avvalgi bosh og'riqlar bormi?
- Yangi mavsumga tayyorgarligimizning Toshkentda kechgan birinchi bos-qichida biz ma'lum sabablarga ko`ra, hammaga bir xil hajmda yuklama bera olmagan edik. Masalan, bir qator futbolchilarimiz 9 dekabrgacha Osiyo o`yinlarida to`p surishgani uchun. Barcha yigitlarni bir maromga keltirib olish imkoniyati bizda mana endi tug'ildi. Ammo bu jarayon baribir men kutgan muddatdan bir necha kunga kechikdi. Boisi, Maksim Belix bayramdan so`ng safimizga shamollagan holda qo`shildi. BAAga kelishimiz bilan esa Temur Jo`rayevning tomog'i og'rib qoldi. Va bitta posbon bilan qolmaslik uchun, Toshkentdan o`rinbosarlarimiz posboni, o`tgan yilning ikkinchi yarmini birinchi liganing «Oqtepa» jamoasida o`tkazgan 19 yoshli Sardor qobuljonovni zudlik bilan chaqirib olib, yig'inga 6 yanvardan qo`shimcha ravishda uni ham jalb etdik. Demak, Anvar Rashidov hozir uch darvozabon bilan shug'ullanmoqda.
Bugun Server Jeparovning ozgina mazasi bo`lmadi. Biz unga dam berdik. Jamoa sardori ertadan mashg'ulotlarga yana to`liq kirishadi. (Eslatib o`tamiz, suhbat 7 yanvar kuni uyushtirilgan.)
Tarkibdagi bu kabi kamchiliklarni yengib o`tishimizga shubham yo`q. Chunki bunga vaqtimiz yetarli. Rejaga muvofiq, niyatimiz — eng optimal formaga MDH chempionlari kubogi boshlanishi arafasida chiqish.
- Ob-havo ishlash uchun xalaqit bermayotgandir.
- Ob-havoga e'tirozlar yo`q.
- Braziliyalik Jedson Shlikman va Rodrigu Koutularning «Paxta-kor»ga Amirliklarda qo`shilishi ko`zda tutilgandi. Bu hujumchilar ixtiyoringizga yetib borishdimi?
- Vizalarni rasmiylashtirishdagi muammolarni hanuzgacha hal eta olmaganlari tufayli, ularning tarkibimizga kelib qo`shilishlari cho`zilmoqda. Va endi, menimcha, ular safimizga fevral oyida Turkiyada tashkillashtiriladigan yig'inda kelishsa kerak.
- Boshqa chiziqlarga nisbatan, yarim himoyada bugunda yuzaga kelgan raqobat ko`zni quvontirmoqda. Hozir qo`l ostingizda 9 nafar (!) baland saviyadagi bunday futbolchilar bor ekan...
- Bu holdan ancha xursandman. Bitta joyga ikkitadan o`yinchi to`g'ri kelmoqda. Aksincha, meni himoyadagi raqobatning kuchsizligi biroz o`ylantirmoqda. Bundan tashqari, bizga yana bitta yaxshi hujumchi kerak.
Ammo seleksiya ishlarimiz hali yakunlanganicha yo`q. Ko`z ostimizga olgan bir necha futbolchilar bor. Ular bilan ayni kunlarda muzokaralar olib borilmoqda.
- Yarim himoya haqidagi fikrni davom ettirsak. Leonid Koshelevning qaytishi bilan chap qanot o`zining haqiqiy egasini mana endi topdi shekilli? Axir o`tgan mavsumda asosan bu nuqtada chapaqay bo`lmagan Bayramov va Ponomaryovlar harakat qilishgandi.
- Albatta shunday bo`lishiga umid qilamiz. Lyona «Paxtakor» safida yana avvalgi o`yinlari bilan ishqibozlarni xushnud etishini ishonch bilan kutamiz. Biroq ikkinchi tomondan, o`sha Ponomaryov va o`sha Bayramov unga bu joyni osonlikcha topshirib qo`ymaslikka jon berib intilishlariga shubha qilmayman.
- Eshitishimizcha, nazorat uchrashuvlaridagi raqiblar borasida keskin o`zgarishlarga duch kelganmishsiz...
- Ha, to`g'ri. Avval rejalashtirilganidek, 8-kuni mahalliy jamoa bilan to`p suramiz. Keyingi raqiblarimiz o`zgardi. Kiyevning «Dinamo» klubi BAAga 9 yanvar kuni yetib kelishi kerak. Shu bois ular birinchi o`rtoqlik o`yinlarini faqat 16 yanvar kuni o`tkaza olishlarini bildirishdi. Bu muddat esa bizni qoniqtirmaydi — biz 15-kuni Toshkentga qaytamiz. Belgradning «Partizan» jamoasi bilan ham shunga o`xshash muammo. Mazkur sabab tufayli, «Paxtakor» endi 12 yanvar kuni BAA terma jamoasiga hamda 14 yanvar kuni Iroq Olimpiya termasiga qarshi maydonga tushadi. BAA termasi to`g'risida bir qo`shimcha qilib o`tsam. Aynan qanday terma jamoa — milliymi, Olimpiyami — bizga hozir hali aniq axborot berishganicha yo`q. Menimcha, olimpiyachilar bilan bahs-lashsak kerak.
- Aytgancha, xuddi shu kunlarda O`zbekiston Olimpiya terma ja-moasi tarkibida Amirliklarda yig'in o`tkazayotgan «paxtakor»chilarni ham ko`zdan kechirishni, ularning o`yin yoki mashg'ulotlarini kuzatishni nazarda tutganmisiz?
- Vaqtimga qarab buni amalga oshirishga harakat qilaman.
Ulug'bek Mirzayev suhbatlashdi



